Yangi hujjatlar

Amnistiya va afvning bir-biridan 10 ta farqi

“Qonunni buzgan, biroq o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglagan va tuzalish yo‘liga o‘tganligini qat’iyatlik bilan namoyon qilgan shaxslarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytish imkonining berilishi, o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ro‘yobga chiqarilishi hisoblanadi”.

Ushbu gap kuni-kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi PrezidentiningO‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5071-son farmoyishida aks etdi.

Mazkur farmoyish qabul qilingandan so‘ng, ko‘pchilikda “Prezident amnistiya chiqaribdi” degan, noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘ldi. Chunki aksariyat insonlar amnistiya va afv bitta narsa, shunchaki amnistiyaning o‘zbekchaga tarjimasi afv bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Bir qaraganda ular ko‘p ham noto‘g‘ri o‘ylashmayapti, sababi ikkalasining ham asosiy maqsadi bitta — mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib jinoyat sodir etgan shaxsni kechirish va uni jazodan butunlay yoki qisman ozod qilishdir.

Biroq shunday bo‘lsada, bu ikki tushuncha bir-biridan farqlanadi. Quyida Siz ularning eng asosiy 10 ta farqi haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

1. Qo‘llanadigan shaxslar toifasi bo‘yicha.

Afv – bu muayyan shaxslar uchun, ularning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarni (yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoli) inobatga olib jazodan ozod qilish hisoblanadi.

Amnistiya esa aniq shaxslarga emas, umumiy toifalarga e’lon qilinadi. Masalan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, ayollar yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlarga amnistiya akti qo‘llanildi, deylik. Bunda amnistiyaga necha kishi tushishi, kimlar tushishi oldindan aniq bo‘lmaydi. Afv hujjatida esa kimlarga qo‘llanilayotganligi nomma-nom yoziladi (ayrim holatlar istisno, masalan, 16 fevral voqealarida qatnashib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganlarga afv e’lon qilingani kabi).

2. Qo‘llaniladigan shaxslar holati bo‘yicha.

Afv faqat sud hukmi bilan jazo tayinlangan mahkumlarga e’lon qilinadi. Amnistiya esa jinoyat protsessining istalgan bosqichida – dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va hattoki jinoyat ishini qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan bosqichda ham qo‘llanilishi mumkin.

Boshqacha aytganda amnistiyaning afv etishdan farqli xususiyati shundaki, amnistiya keng mazmunga ega bo‘lib, shaxsni jinoiy javobgarlikdan ham, jinoiy jazodan ham ozod qiladi.

3. E’lon qiluvchi sub’ektlar bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga binoan, afv faqat Prezident tomonidan e’lon qilinadi.

Amnistiya akti esa Prezident taqdimnomasiga binoan Oliy Majlisining Senati tomonidan e’lon qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 1991 yildan toki 2004 yilgacha bo‘lgan davrda amnistiya aktlari Prezident Farmoni asosida qabul qilingan. 2005 yildan yurtimizda ikki palatali Parlament tashkil etilgach, mazkur vakolat aynan Senatning mutlaq vakolatlaridan biri sifatida Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan edi.

4. Qo‘llash masalasini bajaruvchi shaxslar bo‘yicha.

Amnistiya aktlarini qo‘llash masalasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari va sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. 2008 yildan boshlab, amnistiya aktini qo‘llashga oid yakuniy qarorni faqat sudlar chiqarishi belgilab qo‘yilgan.

Afvni qo‘llash masalasini esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari bo‘yicha maxsus komissiya hal qiladi.

Mashhur “Shoushenkdan qochish” filmini eslaysizmi? O‘sha kinoda ham mahbuslar bilan qamoqxonada aynan shu kabi komissiyalar suhbat qilishar edi.

“Shoushenkdan qochish” filmidan lavha

5. Qo‘llash tartibi bo‘yicha.

Amnistiya akti chiqqangan keyin, uni kimlarga qo‘llash masalani hal qilish uzoqqa cho‘ziladi va ko‘plab tashkiliy jarayonni o‘z ichiga oladi. Masalan, amnistiya aktida ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan mahkumlar ozodlikka chiqarilsin degan qoida mavjud bo‘lsa, unda ijro koloniyalari ma’muriyati ana shu toifaga tushadigan mahbuslarning aniq sonini aniqlaydi, ro‘yxatini shakllantiradi va ularga amnistiya aktini qo‘llashni so‘rab sudlarga taqdimnoma kiritadi. Shu kabi ishlarni tergovchi, prokuror va sudlar ham amalga oshirishi kerak. Garchi amnistiya akti yuridik mohiyatiga ko‘ra, nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan hujjat bo‘lsa-da, biroq uni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror sudlar tomonidan har bir shaxsga nisbatan alohida qabul qilinadi.

Afvni qo‘llash esa ko‘p vaqt va tartibni talab qilmaydi. U qabul qilinishi bilan darhol ijro etiladi, buning uchun yana alohida bosqichlardan o‘tish shart emas. Masalan, A. ismli shaxs jazodan ozod etilsin degan Prezident Farmoni chiqsa, u o‘sha zahoti ijro etiladi hamda A. ismli shaxs ozodlikka chiqariladi.

6. Shaxsning xohishi bo‘yicha

Afvni qo‘llash uchun odatda jinoyat sodir etgan shaxslarning iltimosnomasi asos bo‘ladi. Amnistiya aktini qo‘llashda esa bunday iltimosnoma talab etilmaydi. Tergovchi, prokuror, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati va sudlar amnistiya aktiga tushadigan barcha shaxslar ro‘yxatini shakllantirib, ularga amnistiya qo‘llash masalasini hal etishi lozim. Biroq qonunchilikda istisno tarzda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar o‘ziga amnistiya akti qo‘llanishini xohlamasa, ularga amnistiya aktini qo‘llash taqiqlanadi.

Ko‘rib turganingizdek, shaxslar o‘zini afv etilishini so‘rab iltimosnoma beradi, amnistiya akti esa shaxslarning xohish-istagiga qaramasdan hammaga umumiy qo‘llanadi.

7. Huquqiy oqibatlari bo‘yicha.

Amnistiya aktining huquqiy oqibatlari kengroq bo‘ladi. Ya’ni, amnistiya akti qo‘llanilishi natijasida quyidagi huquqiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin:

  1. shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi;
  2. mahkum asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan ozod etilishi;
  3. mahkumga tayinlangan asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazoning qisqartirilishi (kamaytirilishi);
  4. mahkum jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilishi;
  5. mahkumga tayinlangan jazoning o‘talmagan qismi yengilrog‘i bilan almashtirilishi;
  6. jinoyat sodir etgan shaxsdan sudlanganlik muddatidan ilgari olib tashlanishi.

Afv esa faqat mahkumlarga qo‘llanishini hisobga olganda, huquqiy oqibatlari kamroq bo‘ladi. Bular:

  1. asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan to‘liq yoki qisman ozod etiladi;
  2. jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi;
  3. umrbod ozodlikdan mahrum etish yoki boshqa o‘talmagan jazoni nisbatan yengilroq jazo bilan almashtiriladi;
  4. sudlanganlikni olib tashlanadi.

8. Shaxslarning ta’siri bo‘yicha

Amnistiya akti e’lon qilinishiga jinoyat sodir etgan shaxslar hech qanday ko‘rinishda ta’sir o‘tkaza olmaydi. Bu hukumatning mutlaq huquqi bo‘lib, vaziyat taqozo etganda bir yil ichida bir necha marotaba e’lon qilinishi yoki e’lon qilinmasligi ham mumkin. Masalan, O‘zbekiston Respublikasida istisno tarzida 1992 hamda 2003 yillarda bir yilda ikki marta amnistiya akti e’lon qilingan. Qolgan barcha yillarda bir martadan e’lon qilingan.

Afvni qo‘llash uchun esa odatda jinoyat sodir etgan shaxslar hukumat qaroriga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Ya’ni afvni qo‘llash yoki qo‘llamaslik masalasi ularning tashabbusi bilan ham bevosita bog‘liq bo‘ladi.

9. Shaxsiy omillarning ahamiyati bo‘yicha

Amnistiya va afv o‘rtasida yana bir kichikroq farq bu shaxsiy omillarning ta’sirida ko‘rinadi. Ya’ni afvni qo‘llashda mahkumning qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymonligiga, mahkumning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarga, uning yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoliga (qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlar, mehnatga qobiliyatsiz er (xotin) va (yoki) keksa yoshdagi ota-onasi mavjudligiga) albatta e’tibor qaratiladi. Bu omillarni hisobga olmasdan afv qo‘llanishi deyarli imkonsiz.

Amnistiya aktida esa har doim ham bunday omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Masalan, amnistiyada 60 yoshdan oshgan keksalar jazodan ozod etilishi haqida qoida bo‘lsa, bu barcha keksalarga birdek qo‘llanadi. Ular orasida qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lmagani bo‘lsa ham, amnistiya akti asosida ozodlikka chiqariladi. Yoki bunday holda ularning oilaviy ahvolini o‘rganishga ham ehtiyoj yo‘q.

Faqat istisno tariqasida ayrim hollarda shaxslarning sog‘lig‘i (masalan, sil kasaliga chalinganlar) yoki ularning qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymonligi (taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki) amnistiya qo‘llashda e’tiborga olinishi ham mumkin.

10. Normativ hujjat maqomi bo‘yicha

Oxirgi farq amaliy emas, balki ilmiy farqdir.

Huquqshunoslik qoidalariga ko‘ra, amnistiya normativ akt hisoblanadi, afv esa bunday emas. Chunki amnistiya huquq normasining tug‘ilishiga sabab bo‘ladi, afv esa huquqni qo‘llash xarakteridagi akt xolos. Shuningdek, afv aniq shaxsga yo‘naltirilganligi sababli yangi qoida yaratmaydi, o‘zga shaxslarga ta’sir qilmaydi, qonunchilikdagi tartiblarga o‘zgarish kiritmaydi. Shunga ko‘ra afv normativ akt sifatida baholanmaydi.

 

Amnistiya va afvning asosiy farqlari bo‘yicha taqqoslama jadval

Farqlanuvchi omillar Amnistiya Afv
Kim qabul qiladi? Oliy Majlis Senati (Prezident taqdimiga binoan) Prezident
Kimlarni qamrab oladi? Mahbus, mahkum, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslar Mahbus, mahkum va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslar
Kimlarga qo‘llanadi? Nomuayyan shaxslar guruhiga (ma’lum bir shaxslar toifasiga) Muayyan shaxslarga
Kechirim hujjatining tashabbuskori kim bo‘ladi? Davlat Mahkum yoki uning vakili
Shaxsiy omillar (tavsif) qarorga ta’sir qiladimi? Qisman To‘liq

Maqolani Kun.uz saytida o’qish

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (16)
  • Йўқ (1)
  • Бироз (1)

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига