Yangi hujjatlar

Ilk bor. Yil davomidagi dam olish kunlari oldindan ma’lum qilindi (infografika)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 28-dekabr kuni «2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmonni imzolaganidan xabaringiz bor.

2018-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishi, shuningdek, ichki turizmni yanada rivojlantirish Farmonning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Quvonarli tomoni,-yil davomidagi ish va dam olish kunlarini oldindan rejalashtirish amaliyoti O‘zbekistonda ilk-marta bo‘lmoqda. Bunday amaliyot o‘zining samaradorligi nuqtai nazaridan xorijiy tajribada keng qo‘llaniladi. Masalan, joriy-yil Rossiyada 5 ta, Ukrainada 4 ta, Belarusda 7 ta, Qozog‘istonda 5 ta dam olish kunlari boshqa ish kuniga ko‘chirildi.

Faqat mazkur davlatlardan farqli o‘laroq bizda dam olish kunlarini tartibga solishga oid hujjat Prezident tomonidan qabul qilindi, ularda esa bu masala hukumat rahbari, ya’ni Bosh vazirning qarori bilan belgilanadi. Bu davlatimiz rahbari har bir sohada bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarda tashabbuskor bo‘layotganligining isboti, deyish mumkin.

Yil davomidagi ish va dam olish kunlarini hali-yil boshlanmasdan avval belgilash xodimlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlariga zarur sharoit yaratib beradi. Ilgari ma’lum bir bayramga 2-3 kun qolganda dam olish kunlarining ko‘chirilishi belgilanar, buning natijasida xodimlar bunday qisqa fursat ichida dam olish kunlari reja tuzish yoki uni amalga oshirishga ulgurmay qolardi. Shuningdek, ayrim ish beruvchilar Farmonning asl mazmun-mohiyatini anglamasdan o‘zgargan dam olish kunlari hisobiga xodimlarni qo‘shimchasiga o‘sha kuni yoki yakshanba kunlari ishlatish haqida noqonuniy qarorlar chiqarardi. Xuddi shu kabi muammolar dam olish kuni o‘zgargan oy uchun ish haqini hisoblash chog‘ida ham yuzaga kelardi. Endilikda joriy etilayotgan yangi mexanizm ushbu muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Farmon asosida O‘zbekiston qonunchiligida mehnat munosabatlariga oid yana bir yangi amaliyot kiritildi. Ya’ni joriy-yilda ilk-marta har-yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini qisqartirish orqali bayram kunlari arafasida qo‘shimcha dam olish kuni berildi.

Farmonda 3 xil toifadagi dam olish kunlari haqida so‘z boradi.

1-toifa: Har-yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini qisqartirish orqali beriladigan bayram kunlari arafasidagi qo‘shimcha dam olish kuni. Bular:

2-yanvar – seshanba;

20-mart – seshanba;

31-avgust – juma.

ESLATMA: Qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga mehnat ta’tilining muddati 3 kunga qisqartirilsa ham, lekin ta’til uchun beriladigan to‘lov miqdori qisqartirilishi mumkin emas, u to‘liq beriladi.

2-toifa: Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun bayram arafasidagi ish kuniga ko‘chirilgan shanba, dam olish kuni. Bular:

6-yanvar – shanba 3-yanvar – chorshanbaga;

17-mart – shanba 19-mart – dushanbaga;

24-mart – shanba 22-mart – payshanbaga;

25-avgust – shanba 23-avgust – payshanbaga;

8-sentabr – shanba 3-sentabr – dushanbaga;

15-sentabr – shanba 4-sentabr – seshanbaga;

29-dekabr – shanba 31-dekabr – dushanbaga.

ESLATMA: Ushbu kunlarda 6 kunlik ish haftasida faoliyat olib boradigan xodimlar ishga chiqishlari lozim bo‘ladi.

3-toifa: Barcha xodimlar uchun (5 va 6 kunlik ish haftasidagilar) birdek umumiy dam olish kuni hisoblangan yakshanba kunini bayram arafasidagi ish kuniga ko‘chirish. Bunda 26-avgust – yakshanba kuni 24-avgust – jumaga ko‘chirildi.

Yangi-yil bayram arafasidagi o‘zgarishlar

Haftasiga 5 kun ishlovchi xodimlarga quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:

30-dekabr – shanba;

31-dekabr – yakshanba;

1-yanvar – Yangi-yil bayrami;

2-yanvar – qo‘shimcha dam olish kuni;

3-yanvar – ko‘chirilgan dam olish kuni.

Izoh: 6-yanvar – shanba kuni haftasiga 5 kun ishlovchilar uchun rasman ish kuni bo‘ladi.

Haftasiga 6 kun ishlovchi xodimlarga quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:

31-dekabr – yakshanba;

1-yanvar – Yangi-yil bayrami;

2-yanvar – qo‘shimcha dam olish kuni.

Navro‘z bayrami arafasidagi o‘zgarishlar

Haftasiga 5 kun ishlovchi xodimlarga quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:

18-mart – yakshanba;

19-mart – ko‘chirilgan dam olish kuni;

20-mart – qo‘shimcha dam olish kuni;

21-mart – Navro‘z bayrami;

22-mart – ko‘chirilgan dam olish kuni.

Izoh: 17 va 24-mart – shanba kunlari haftasiga 5 kun ishlovchilar uchun rasman ish kuni bo‘ladi.

Haftasiga 6 kun ishlovchi xodimlarga quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:

18-mart – yakshanba;

20-mart – qo‘shima dam olish kuni;

21-mart – Navro‘z bayrami.

Izoh: 19 va 22-mart kunlari haftasiga 6 kun ishlovchi xodimlar uchun ish kuni bo‘ladi.

Mustaqillik bayrami arafasidagi o‘zgarishlar

Haftasiga 5 kun ishlovchi xodimlarga quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:

31-avgust – qo‘shimcha dam olish kuni;

1-sentabr – Mustaqillik bayrami;

2-sentabr – yakshanba;

3-sentabr – ko‘chirilgan dam olish kuni;

4-sentabr – ko‘chirilgan dam olish kuni.

Izoh: 8 va 15-sentabr – shanba kunlari haftasiga 5 kun ishlovchilar uchun rasman ish kuni bo‘ladi.

Haftasiga 6 kun ishlovchi xodimlarga quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:

31-avgust – qo‘shimcha dam olish kuni;

1-sentabr – Mustaqillik bayrami;

2-sentabr – yakshanba.

Izoh: 3 va 4-sentabr (dushanba-seshanba) kunlari haftasiga 6 kun ishlovchi xodimlar uchun ish kuni bo‘ladi.

 

Hayit kunlarida dam olish qanday tashkil qilinadi?

Prezident Farmoniga berilgan rasmiy sharhda muqaddas Qurbon hayit va Ramazon hayit bayramlarining muhimligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni yuksaltirish va saqlab qolish maqsadida 2018-yildan boshlab ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga yaqin bo‘lgan ish kunlariga ko‘chirish hisobiga uzluksiz uch kunlik dam olish kunlari belgilanishi ko‘zda tutilayotgani qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, ko‘pchilik Prezident farmonidagi faqat Yangi-yil, Navro‘z, Mustaqillik bayramlari arafasidagi ko‘chirilgan dam olish kunlariga e’tibor berishayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Lekin-avgust oyining so‘nggi 10 kunligida ko‘chirilgan dam olish kunlari nazardan chetda qolmoqda. Farmonga ko‘ra, 25-avgust – shanba 23-avgust – payshanbaga hamda 26-avgust – yakshanba esa 24-avgust – jumaga ko‘chirildi.

Mazkur ko‘chirishlar ayrimlar o‘ylagandek Mustaqillik bayramiga aloqador emas. Aksincha, bu muqaddas Qurbon Hayiti bayrami arafasida aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan bog‘liq.

Ushbu o‘zgarishlardan anglashiladigan birinchi jihat shundaki, 2018-yilda O‘zbekistonlik xodimlar ko‘chirilgan dam olish kunining hisobiga 1-marta yakshanba kuni ham ishga chiqishlari kerak bo‘ladi. Aniqrog‘i 26-avgust – yakshanba kuni ommaviy ish kuni sifatida e’lon qilinib, ushbu dam olish kuni 24-avgust – juma kuniga ko‘chirildi.

Ikkinchi jihati, mazkur o‘zgartirishlar jarayonida Qurbon Hayitining 1-kunini taxminan 22-avgust kuniga belgilanishi hisobga olingan. Albatta barchamizga ma’lumki, Hayit bayramlarini oldindan aniq kunini belgilash imkonsiz, bu oy chiqishiga qarab hal qilinadigan masaladir. Shu sababli ham Farmonda Hayit kunlariga hech qanday ishora berilmagan. Lekin o‘tgan-yili yurtimizda 1-sentabr kuni Qurbon Hayiti nishonlangani inobatga olinib, fuqarolarga ushbu muqaddas bayram arafasida qo‘shimcha dam olish kunlarini tashkil etish uchun oldindan zamin hozirlangani e’tirofga loyiq.

Agar oy taqvimi bo‘yicha Qurbon Hayiti bayrami 22-avgustga belgilansa, unda haftasiga 5 kun ishlovchilar ketma-ket 3 kun (22, 23, 24-avgust) dam olishlari mumkin bo‘ladi. Agar Qurbon hayiti bayrami oy chiqishi hisobiga boshqa kunga, masalan 21 yoki 23-avgustga belgilansa, bunday holda ham fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Qurbon Hayitining 1-kunini belgilash to‘g‘risidagi Prezident Farmonida ayni bir paytda dam olish kunlarini ko‘chirish masalasi ham inobatga olinishi, ya’ni 23-24-avgustga ko‘chirilgan dam olish kunlaridan biri mos ravishda 22-avgustga ko‘chirilish ehtimoli yuqori.

O‘zbekistonda dam olish kunini ko‘chirish amaliyoti haqida qo‘shimcha ma’lumot

Bayram kunlari arafasida aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida dam olish kunini ko‘chirish uzoq-yillardan buyon mavjud.

Agar tarixga nazar tashlasak, ilk-marta bunday qaror 1992-yilda chiqqan edi. O‘shanda Mustaqillik kunining 1-yilligi bayram qilinishi munosabati bilan dam olish kuni 1992-yil 29-avgust shanbadan 31-avgust dushanba kuniga ko‘chirilgan edi.

Bugungacha dam olish kunlari bilan bog‘liq asosan 3 xil ko‘rinishdagi qarorlar qabul qilingan edi:

Alohida bir ish kunini barcha uchun dam olish kuni deb e’lon qilish.

Bunday qarorlar kamdan-kam chiqariladi, ammo chiqqanda ham xalqda katta quvonch bilan kutib olinadi. Bunday qarorlarga misol qilib, 2017-yil 2-yanvar (dushanba) yoxud 2015-yil 2-yanvar (juma) kunini dam olish kuni deb e’lon qilingani keltirish mumkin.

Juma kunini dam olish kuni, yakshanbani esa ish kuni deb e’lon qilish.

Agar bayram kuni haftaning payshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda ayrim holatlarda juma kuni dam olish deb e’lon qilinib, yakshanba kuni esa rasman ish kuni deya belgilanadi. Masalan, 2016-yilda Mustaqillik bayrami payshanba kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, 4-sentabr yakshanba dam olish kuni 2016-yil 2-sentabr juma kuniga ko‘chirilgan hamda 4-sentabr yakshanba kuni ish kuni deb e’lon qilingan edi. Bunday ko‘chirish holatlarini 2009-yil 4-yanvar yakshanba dam olish kuni 2009-yil 2-yanvar jumaga ko‘chirilganida yoki 2002-yil 24-mart yakshanba dam olish kuni 22-mart jumaga ko‘chirilganida ko‘rish mumkin.

Dushanba kunini dam olish, shanba kunini ish kuni deb e’lon qilish.

Agar bayram kuni haftaning seshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda aksariyat hollarda dushanba kuni dam olish deb e’lon qilinib, shanba kuni esa rasman ish kuni deya belgilanadi. Dam olish kunini ko‘chirish bilan bog‘liq eng ko‘p tarqalgan holat aynan mana shu.

Bunga misol qilib, 2016-yil 8-mart bayrami seshanba kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli 5-mart shanba dam olish kuni 7-mart dushanba kuniga, 2015-yil 8-dekabr arafasida esa 5-dekabr shanba dam olish kuni 2015-yil 7-dekabr dushanba kuniga ko‘chirilganini keltirish mumkin.

Yuqorida ta’kidlanganidek, joriy-yilda ilk-marta mehnat ta’tili kunlarini qisqartirish hisobiga qo‘shimcha dam olish kunini e’lon qilish amaliyoti joriy etildi.

Dastlabki manba

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (21)
  • Йўқ (2)
  • Бироз (1)

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига