Borimiz shu
Borimiz shu
Qarshi tumandagi mahalliy kengash deputati sud qarori haqida gapira turib, «qaror qanday qilib O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqar ekan, o‘zimizning Qarshi tuman Ma’muriy sudi ko‘rib chiqqan-ku» degan fikrni aytibdi.
Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda kulgu va kinoyalarga sabab bo‘lyapti. Lekin ishonaman, O‘zbekistondagi 60-70% insonlar (balki undan ham ko‘p bo‘lmasa) bu gapning nimasi kulgili ekanligini va deputatning gapida qanday xato borligini bilmaydi.
Ya’ni "tuman darajasidagi sudning qarori nega Respublika nomidan chiqadi, axir butun Respublika nomidan qarorni faqat Oliy Sud chiqarmaydimi", deb o‘ylashadi.
Bu gapga odamlar nima uchun hayron bo‘lishayotgani yoki tuman deputatining ustidan kulishayotganiga uncha tushunmayapman. Men taxminan yaqin 20 yillarda tuman dajarasidagi deputatlardan biror narsa kutmayman. Chunki qozonda bori cho‘michga chiqadi.
Deputatlar qanaqadir geniy yoki hammadan aqlli insonlar emas. Ular ham o‘zimizni oramizdagi odamlar xolos. Ayniqsa tuman deputatlari 1 so‘m ham oylik olmaydi, faqat jamoatchilik asosida ishlaydi, bu esa tizimning mutlaqo samarasiz ekanligining asosiy sababi. Ular yaqin yillarda hech qachon hokimga qarshi bormaydi, borolmaydi. Hatto hokimlar mahalliy kengashlar raisligidan ketgan taqdirda ham baribir to‘la mustaqil bo‘la olmaydi, hokimni og‘ziga qarab turadi.
Shu sababli ham, mahalliy kengashlarga saylovlar qo‘l uchida o‘tadi, ba’zan nomzodlar o‘zi ham istamay saylanadi. 3ta maktab direktori, 4ta fermer, 5ta tadbirkor, 6ta tashkilot rahbari saylanishi kerak, degan aqida bilan yashaymiz xolos.
Ularning qanaqa saylanishi haqidaku gapirib ham o‘tirmayman.
Toki ta’lim rivojlanmas ekan, toki butun jamiyatda aholining bilim darajasi, huquqiy ongi birdek oshmas ekan, mahalliy deputatlardan va hattoki Oliy Majlis deputatlaridan ham nimadir katta natija kutmayman, ularning gaplariga hayron ham bo‘lmayman. Chunki borimiz shu...
Ha, aytgancha, deputatning gapida qanday xato borligini tushuntirmoqchiman. Bizda barcha darajadagi (tuman, shahar, viloyat, respublika) sudlarning qarori O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
Buning huquqiy asosi:
Jinoyat-prosessual kodeksining 454-moddasi
«Sud hukmni O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqaradi»
Fuqarolik prosessual kodeksining 249-moddasi
«Sud hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi»
Iqtisodiy prosessual kodeksining 176-moddasi
«Sud hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi»
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 154-moddasi
«Sud hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi»
P.S.: Tan oling, bu qoidalarni Siz ham yaxshi bilmasdingiz-ku, to‘g‘rimi? (bu gapim barchaga taalluqli emas)
