Bugun, 9-may – Xotira va qadrlash kuni.
Bugun, 9-may – Xotira va qadrlash kuni.
O‘zbekistonda rasman dam olish kuni sifatida nishonlanadigan bayramlar orasida yagona tabriklanmaydigan bayram, mana shu bo‘lsa kerak.
«9-may bilan tabriklayman» yoki «bayram muborak bo‘lsin» degan iboralarni ishlatmaslik kerakmikin, degan fikrdaman (lekin beixtiyor ko‘p ishlatamiz). Chunki bugun urushda halok bo‘lgan 500 ming ota-bobolarimizning yorqin xotirasini yod etishimiz, ularning haqqiga Qur’on tilovat qilishimiz kerak. Shuningdek, bugun hayot bo‘lgan urushqatnashchilarini qadrlashimiz lozim. Tabriklasak ham balki faqat ularni tabriklashimiz kerakdir, kim bilsin.
Gʻalaba haqida
Ko‘pchilik 9-mayni «Gʻalaba kuni» sifatida e’tirof etilishini yoqtirmaydi. Bu gaplarga 2 xil munosabatda bo‘laman.
Birinchidan, bugungi bayram nomini rasman «Gʻalaba kuni» sifatida ishlatilishiga mutloq qarshiman. Bugun «Xotira va qadrlash kuni». Bu qonunlarimizda yozib qo‘yilgan.
Ikkinchidan, “g‘alaba kuni” so‘zi atoqli ot mazmunida emas, shunchaki 9 mayni sifatlash uchun kichik harflar bilan yoziladigan ko‘rinishda ishlatilsa, buning noto‘g‘ri yoki yomon joyi yo‘q. Sababi garchi Ikkinchi jahon urushi rasman 2-sentyabrda Yaponiyaning kapitulyasiyasidan keyin tugagan bo‘lsada, lekin ayni 9-mayda fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan. Bu ham tarixiy fakt va buni inkor qilmaslik kerak.
«Urushda g‘olib va mag‘lublar bo‘lmaydi» degan iboralarni ham ko‘p ishlatamiz. Bu ham falsafiy jihatdan to‘g‘ri. Ammo faktik jihatdan urushda mag‘lublar bo‘lgani singari, g‘oliblar ham bo‘ladi. Ya’ni tarixiy fakt shuki, Gitler Germaniyasi va uni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar ittifoqchilar qo‘shiniga mag‘lub bo‘lgan. Demak, g‘oliblar ham bor, g‘alaba ham bor.
O‘yin-kulgu haqida
Ammo bu g‘alabani nishonlash, bayram, o‘yin-kulgu qilish qay darajada to‘g‘ri, bunisi ham bahsli masala. Mening fikrimcha, o‘yin-kulguga hojat yo‘q, biroq boshqacharoq ko‘rinishda nishonlash mumkin.
Mil. avv. 279-yilda Auskul shahri yonidagi jangda Epir shohi Pirr rim qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozonadi. Ammo bu jangda Pirr shunchalar ko‘p yo‘qotishga uchraydiki, jangdan keyin «agar biz rimliklar ustidan xuddi shunaqa yana bir marta g‘alaba qozonsak, unda butunlay qirilib ketamiz» deya ta’kidlaydi. O‘shandan buyon juda katta yo‘qotishlar bilan erishilgan va mag‘lubiyatga teng g‘alabalarga «Pirrcha g‘alaba» degan iborani ishlatishadi.
Ikkinchi jahon urushi ham butun insoniyat uchun aslida «Pirrcha g‘alaba» bo‘lgan. Urushda taxminan 70 mln atrofida insonlar qirilib ketishgan. Shu sababli ham bu kunda o‘yin-kulgu qilish shart emas.
Ammo yana bir qarash ham borki, urushda qatnashgan kam sonli veteranlar uchun balki qanaqadir tadbirlar qilish kerakdir, shundoq ham ularning soni yildan yilga kamayib ketmoqda. Balki g‘animat bo‘lgan tirik tarixlar uchun tiriklik bayramini qilib berish kerakdir, degan fikrlar ham yo‘q emas. Buni ham to‘liq inkor etish qiyin.
Bayram va nishonlashga kelsak, masalan, koronavirus butun dunyoni zabt etdi, 4 mlndan oshiq inson shu virusga chalindi, 300 ming atrofidagi insonlar halok bo‘lishdi. Koronavirusga qarshi ilk muvaffaqiyatli vaksina o‘ylab topilgan kun, aslida bayram misoli. Chunki bu ko‘rinmas dushmanga qarshi g‘alaba bo‘ladi. Dunyo bu ofatdan qutiladi, hayot yana o‘z iziga tushadi, odamlarga o‘lim xavf solmaydi. Va mana shu kunni har yili insoniyat bir marta eslab qo‘yishi, shifokorlarni olqishlashi, o‘lganlarni yod etishi, bo‘lib o‘tgan ishlardan xulosalar chiqarishi va qandaydir ko‘rinishda nishonlashi ham mumkin. Ammo bu o‘yin-kulgu qilish kerak degani emas.
Xulosa
Xullas bugungi kun atrofida turfa xil qarashlar mavjud va har tomonning o‘z argumentlari, asoslari bor. Bir kunga turlicha qarashning borligi xavotirli emas, aksincha jamiyatda turfa fikrlilik bo‘lgani yaxshi.
Faqat eng yomoni bunday urushlarning yana qaytarilishi yoki takrorlashga bo‘lgan harakatlardir. Urushni tarixning bir bo‘lagi sifatida ko‘proq o‘rganishimiz, uning dahshatini anglashimiz va har qanday shakldagi urushga qarshi chiqib, tinchlikni qadrlashimiz maqsadga muvofiq, menimcha.
O‘tganlarning ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin, ilohim.
Xotira va qadrlash kuni muborak! (iya, ana, yana aytib qo‘ydim bilmasdan)
