Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʼgʼrisida qonun qabul qilindi

2014 yil 14 may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʼgʼrisida”gi Qonunga imzo chekdi. Qonunning rasmiy matni “Xalq soʼzi” va “Narodnoe slovo” gazetalarida eʼlon qilindi.

profilaktika

Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2013 yil 30 oktyabrda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2014 yil 10 aprelda maʼqullangan edi.

Ushbu qonunning maqsadi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun 7 bob, 51 moddadan iborat.

Qonunda huquqbuzarliklar profilaktikasining umumiy, maxsus, yakka tartibdagi hamda viktimologik profilaktika kabi turlari sanab oʼtilgan.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi:

ichki ishlar organlari;

prokuratura organlari;

Milliy xavfsizlik xizmati organlari;

adliya organlari;

davlat bojxona xizmati organlari;

davlat soliq xizmati organlari;

mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari;

taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari;

davlat sogʼliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʼliqni saqlash muassasalari;

Oʼzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi organlari.

Аyrim turdagi huquqbuzarliklarning, shaxslar toifalarining koʼpayishi hamda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tajovuz qiluvchi xatarlar va tahdidlarning yuzaga kelishi huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasini amalga oshirish uchun asos boʼladi.

Maxsus profilaktika quyidagi shaxslar oʼrtasida olib boriladi:

ilgari sudlangan;

alkogolni suiisteʼmol qiluvchi;

giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qiluvchi;

voyaga yetmaganlar.

Gʼayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʼlgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni aniqlash, ularning hisobini yuritish va ularga tarbiyaviy taʼsir koʼrsatishga doir faoliyat huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasidir.

Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

profilaktika suhbati;

rasmiy ogohlantirish;

huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar toʼgʼrisida xabardor qilish;

ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish;

profilaktik hisobga olish;

majburiy davolanishga yuborish;

maʼmuriy nazorat.

 

Profilaktika suhbati shaxsni jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirishdan, gʼayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirishdan iborat boʼladi.

Rasmiy ogohlantirish shaxsga uning gʼayriijtimoiy xulq-atvorni davom ettirishiga yoʼl qoʼyib boʼlmasligi toʼgʼrisida yozma ravishda tushuntirishdan, shuningdek huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʼlgan shaxsni huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirishdan iborat boʼladi.

Profilaktik hisobga olish quyidagi shaxslarga nisbatan yuritiladi:

ilgari sudlanganlarga ular jinoiy jazoni oʼtaganidan soʼng, oʼziga nisbatan maʼmuriy nazorat oʼrnatilgan shaxslar bundan mustasno;

oʼziga nisbatan sudning jazo tayinlanmagan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxslarga;

Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasiga muvofiq aybdorlik toʼgʼrisidagi masala hal qilinmasdan turib oʼziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan yoxud reabilitatsiya qilmaydigan asoslar boʼyicha jinoyat ishini qoʼzgʼatishni rad etish toʼgʼrisidagi qaror chiqarilgan shaxslarga;

oʼziga nisbatan qamoqqa olish bilan bogʼliq boʼlmagan ehtiyot chorasi tanlangan jinoyat sodir etishda ayblanuvchilarga;

Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 40, 41, 45, 47, 52, 56, 58, 61, 106, 131, 1651, 183, 184, 1841, 1842, 1843, 187, 188, 1881, 189, 1891, 190, 191, 201, 202, 2021, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlarga;

ixtisoslashtirilgan oʼquv-tarbiya muassasalaridan qaytganlarga.

Shaxsni profilaktik hisobga olish u profilaktik hisobga qoʼyilgan paytdan eʼtiboran bir yil mobaynida amalga oshiriladi.

Mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʼtgach kuchga kiradi. Demak, ushbu Qonun 2014 yil 15 avgust kunidan kuchga kiradi.