IELTS yoki CEFR sertifikatini kech olgan abituriyentlarga imtiyoz berilmaydi

 

IELTS yoki CEFR sertifikatini kech olgan abituriyentlarga imtiyoz berilmaydi

Kechagi yig‘ilishda ko‘pchilik abituriyentlar tomonidan berilayotgan xorijiy tilni bilish sertifikatini olishdagi muammolar haqida ham mutasaddilarga savol berdim.

Ya’ni karantin sababli mart oyidan buyon IELTS, CEFR yoki shu kabi tizimlar bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilishi noma’lum muddatga qoldirildi. Qachon o‘tkazilishi ham hozircha noma’lum.

Joriy yilda abituriyentda B2 darajadagi sertifikat bo‘lsa, u chet tilidan test topshirmaydi va unga o‘sha blok bo‘yicha maksimal ball beriladi. Shu sababli imtihonga ariza berib, pulini to‘lab qo‘ygan abituriyentlar tomonidan "biz sertifikatni kechroq bersak ham imtiyoz qo‘llanadimi?" degan savollar berilayotgan edi.

Ushbu savolga javob bergan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov agar abituriyentlar hujjat topshirishning oxirgi kuni, ya’ni 20-iyulga qadar sertifikatni olishga ulgurmasa, unda ularga imtiyoz taqdim etishning texnik imkoni yo‘qligini ma’lum qildi. Chunki 20-iyuldan keyin DTM bazasi yopiladi va keyinchalik unga yangi ma’lumot qo‘shib bo‘lmaydi.

Vazirning yana bir fikrni qo‘shimcha qildi, ya’ni B2 daraja oladigan bilimi bor abituriyentlar sertifikat olishga ulgura olmaslikdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi, ular bemalol o‘zi testdan maksimal natijani qo‘lga kirita oladi.

Shuningdek, DTM direktori Majid Karimov ham vaziyatga izoh berar ekan, milliy CEFR sertifikati olish uchun 600 nafar abituriyentlar ariza topshirib, to‘lov qilganini, ulardan test olish uchun barcha narsa tayyorligini, faqatgina hozirda DTM testlarni o‘tkazish uchun Hukumatdan tegishli ruxsat kutib turganini, agar epidemiologik vaziyat yaxshilanib, sanitar qoidalar asosida test o‘tkazishga ruxsat berilsa, 3-4 kun ichida javoblarni chiqarib berishi mumkinligini bildirdi.

Demak, xulosa:

- ruxsat berilishi bilan xorijiy tilni bilish sertifikati uchun testlar o‘tkaziladi, lekin buni aniq bo‘lish-bo‘lmasligini oldindan hech kim aytolmaydi;

- agar abituriyent 20-iyulga qadar sertifikat olishga ulgurmasa, unga imtiyoz qo‘llanmaydi va hamma qatori test topshiradi.