Jizzaxdagi tenderlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzaxdagi tenderlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Hisob palatasi  tomonidan tuzilgan ishchi guruh Jizzax viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qurilish ob’yektlarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish hamda undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishini o'rgandi.

Ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi ma’muriy binosining qurilishi yuzasidan o‘tkazilgan tanlov hujjatlari o‘rganilganida, xarid komissiyasi a’zolari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarilmaganligi, tanlov ishtirokchilari va komissiya a’zolari o‘rtasida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligini bila turib, bunga qonuniy munosabat bildirmagani va hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlandi.

Biroq, tanlov komissiyasi a’zolari qurilish ob’yekti bo‘yicha tanlovda ishtirok etgan barcha talabgorlarning (“Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi, “Kamol” ko‘p tarmoqli qurilish korxonasi va “Abduvohid Qurilish Ta’mir” MChJlar) 100% ulushi tanlov komissiyasi raisi (viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari) A.R.ning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lganini bila turib, bunga biron-bir qonuniy munosabat bildirmagan va bayonnomaga bu haqdagi ma’lumot kiritilmagan.

Shuningdek, tanlov hujjatlarini o‘rganish davomida g‘olib deb topilgan “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi mansabdor shaxslari tanlovda noqonuniy g‘oliblikni qo‘lga kiritish maqsadida korxona moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi ma’lumoti va ish tajribasi, shuningdek, tanlovda yuqori ball olishda inobatga olinadigan ma’lumotlarni qasddan oshirib ko‘rsatilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlarga hujjatlarni ko‘rib chiqqan xarid komissiyasi a’zolari qonuniy munosabat bildirish o‘rniga, yig‘ilish bayonnomalariga soxta yozuv va ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan qalbakilashtirib, korxonani asossiz g‘olib deb topishgani ma’lum bo‘lgan.

Yuqoridagilarning natijasida, tanlovda noqonuniy g‘olib bo‘lgan “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan ma’muriy binoning qurilishida bajarilmagan 1 mlrd.ga yaqin (905 mln. so‘m, yoki ob’yekt umumiy qiymatining 8%) qurilish ishlarini to‘lovga asos bo‘lgan hujjatlarida qo‘shib yozib kiritib, shu miqdordagi davlat byudjeti mablag‘lari talon-toroj qilinganligi ma’lum bo‘lgan.

Agentlik tomonidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berilishi uchun Jizzax viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Mazkur hujjatlar bo‘yicha prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish yakunlari bo‘yicha Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi A.R.ga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Holat yuzasidan kelgusida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.