Muhammad Yusufga bag‘ishlangan marsiyani aytib liseyga imtihonsiz kirgandim

Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligini nishonlash to‘g‘risida Prezident Farmoni e’lon qilindi. Mazkur Farmon asosida mamlakatimiz miqyosida shoirga bag‘ishlangan kechalar, turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Deyarli har kuni TVdagi informatsion dasturlarda bu haqida lavhalar berilmoqda. Shularni kuzata turib, Muhammad Yusuf haqidagi xotiralarimni Sizlar bilan o‘rtoqlashay dedim.

Yoshligimdan hamma sohaga qiziqib ko‘radigan odatim bor. Har bir ishda o‘zimni bir sinab ko‘rsam deyman. O‘xshasa, o‘xshamasa – farqi yo‘q. Masalan, o‘zimizcha havaskor shoirvachcha sifatida she’rlar ham yozib ko‘rganmiz. Qiziqchilikka-da, endi…

She’r yozishga va o‘zi umuman adabiyot, she’riyatga qiziqqan inson bor-ki, Muhammad Yusuf ijodini bir varaqlab chiqqan. Va ularning aksariyati marhum shoirimizning ashaddiy muxlisiga aylangan. Xuddi men kabi…

Maktab davrlarida shoir tabiat bolalar qizlarga ko‘proq yoqadi deb o‘ylagan ekanmizmi, nima balo, yoki boshqa sabab bormi, har holda juda ko‘p she’rlarni yoddan bilardim. Xotiramdagi she’rlar javonining katta qismini Muhammad Yusuf ijodi egallagan edi. O‘qisam zavqlanardim. Yurakka hayajon bera olardi. Bir tasavvur qiling-a, qarshingizda maktab malikalaridan biri bo‘lgan 6-“A” sinfda o‘qiydigan qiz turibdi-yu, Siz unga

“Ista, tiz cho‘kaman, hozir oldingda
Sevdim, sevganimdan uyalmoq nechun…”

deb she’r aytayapsiz. Albatta hayajonga soladi-da, bunaqa she’rlar.

Vatan, ona, oddiy turmushimiz haqidagi she’rlarini-ku, aytmay qo‘ya qolay.

O‘sha yili 12 yoshda bo‘lgan ekanman. Shoirning vafotini eshitib qanday holga tushganimni hozir eslay olmayman. Balkim hech qanday ta’sir ham qilmagandir. Nari borsa, “Yaxshi shoir edi” deb qo‘ygandirman. Bilmadim, eslolmayman. Faqat bir narsani yaxshi eslayman. Muhammad Yusuf vafoti haqida “Darakchi” gazetasida o‘qiganim yodimda. O‘sha vaqtlarda bu gazetaning har bir soni xonadonimiz mehmoni bo‘lar edi (10 yillar bo‘ldi, olmay qo‘yganimizga).

Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. “Darakchi” gazetasining navbatdagi sonlaridan birida elimiz suygan shoir Sirojiddin Sayyidning Muhammad Yusuf vafotiga bag‘ishlangan marsiyasi chop etildi. Vah!

Vah! Marsiya menda shunaqangi katta taassurot qoldirki, asli qo‘yaverasiz. Negadir qayta-qayta o‘qigim kelaverardi. O‘qiyverdim, o‘qiyverdim. Keyin so‘zlari yod bo‘lib ketdi. Aytaverdim, aytaverdim.

Yana parishonxotirlik. O‘sha vaqtda marsiyaning aynan qaysi jihati meni rom etganini eslay olmayman. Bilmadim…

Maktab tadbirlarida mana shu she’rni aytib berishni yoqtirardim. “Sizlar ham bir ta’sirlaning” degan maqsadda. Keyinchalik oilaviy tadbirlarda, marosimlarda ham ayta boshladim. Amaki-tog‘a, amma-xolalarning davrasida. Ularga qanchalik yoqardi yoki yo‘q, bilmadim, lekin men ushbu marsiyani har aytib berganimda, sehrlanib qolardim. O‘zga olamga tushib qolgandek.

Oradan yillar o‘tdi. Toshkentga o‘qishga keldim. 2003 yil, avgust. 9-sinfni tugatib, Toshkent davlat yuridik instituti qoshidagi akademik litseyga hujjatlarimni topshirdim. Maktabni a’lo shahodatnomaga (xalq tilida “qizil” deyiladi) tugatgandim. Imtihon kuni ma’lum bo‘ldi-ki, a’lo shahodatnoma bilan tugatganlar imtihon topshirmasdan, suhbat asosida qabul qilinar ekan. Xo‘p dedim. Suhbatga kirdim. Hali-hamon ko‘z oldimda turibdi o‘sha kun. Litsey o‘qituvchilaridan tashkil topgan komissiya suhbat qilib ko‘rmoqda. Shart shu-ki, agar biz (bir necha kishi edi “qizil” shahodatnoma olganlar) suhbatdan o‘ta olmasak, hamma qatori imtihonga kiramiz. O‘tsak, qabul qilinamiz.

Komissiya tarkibida har xil fandan dars beruvchi o‘qituvchilar bor edi. Har biri 1-2 tadan savol berib ko‘rardi. Tahminan 6-7 ta fandan. Menga dastlab ona-tilidan savol berishdi. Javob berdim. Ona-tili va adabiyotdan fan olimpiadalarida changini chiqarib qatnashib yurgan insonga bu savollar qiyin emasdi sira. Shundan so‘ng, adabiyotga o‘tishdi. Ortiqcha savol berib o‘tirmasdan “Qani, bizga bironta she’r aytib ber-chi” deb qolishdi. Vah!

Vah! Bu qanday imkoniyat-a? Ikki yildan buyon tilim bilan emas, balki butun vujudim bilan aytishga o‘rganib qolgan bir she’r bor edi-ki, uni istalgan joyda so‘rashsa, so‘rashmasa aytib berishga tayyor edim.

Sekin o‘rnimdan turdim va aytishni boshladim.

“Sirojiddin Sayyidning marhum shoirimiz Muhammad Yusuf vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiyasi.

Muhammad Yusuf…
Muhammad Yusuf…
Labimda qoldi
taronam mening…”

Keyeyeyetdi… She’rni tugatib bo‘lib, o‘zga dunyodan yana o‘z dunyoimga qaytib, atrofga qarasam, komissiyadagi o‘qituvchilar yig‘lab o‘tirishibdi. Komissiya raisi fizika fani o‘qituvchisi Dilorom opa Po‘latova edi (keyinchalik ushbu ustozimga shunaqangi mehr qo‘ydim-ki, hozirgacha “oyijon” deb murojaat qilaman. Umrlari uzoq bo‘lsin). Dilorom opa o‘rnilaridan turib, mening yonimga keldilar. Ko‘zlarida yosh. Meni bag‘irlariga bosib, faqat bitta gap aytdilar: “Rahmat, o‘g‘lim, Siz qabul qilindingiz”.

Balkim, o‘shanda imtihonga kirgan taqdirimda ham, qabul qilinarmidim, bunisi menga qorong‘u. Lekin baribir ushbu voqea xotiramdan manguga joy olgan. Lekin bu hali hammasi emasdi. Keyingi yillar ham menga Muhammad Yusuf bilan bog‘liq shirin xotiralarni meros qoldirgan.

Akademik litseyga kirgandan so‘ng, tarki odat amri mahol deb, litseydagi ko‘p tadbirlarda yana o‘sha marsiya yangrab turdi. Ba’zan ustozlarimning o‘zlari ham so‘rab turishardi, shu she’rni aytib ber deb.

2004 yil, 12 mart. O‘sha kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 50 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori chiqdi. Mazkur Qarorga shaxsan Prezidentimiz I.Karimov imzo chekkandi. 2004 yilda may oyida shoir xotirasiga bag‘ishlangan turli kechalar, tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Bilmadim, qayerdan bunday fikr miyamga kelgan, hayronman, lekin mazkur tadbirlarda men ham qatnashmoqchi bo‘ldim. Yana o‘sha marsiyani aytib berishni niyat qilgandim. Lekin bir kichik muammo paydo bo‘ldi. Men marsiyaning to‘liq versiyasini topishim kerak edi. Men yod olgan va aytib yuradigan variant originalidan 3 kupletga kam edi. O‘sha 3 kuplet yodimda ham yo‘q, marsiya chiqqan “Darakchi”ning o‘sha sonini topish ham imkonsiz edi.

O‘sha vaqtlarda bunday yurakni qayerdan olganman, bilmadim. She’rning original variantini so‘rab to‘ppa-to‘g‘ri Sirojiddin Sayyid qabuliga bormoqchi bo‘ldim. O‘sha vaqtlarda Sirojiddin aka yozuvchilar uyushmasi raisi Abdulla Oripovning o‘rinbosari lavozimida ishlardi. Yozuvchilar uyushmasi esa Mustaqillik maydonida joylashgan edi.

Hozirgacha esimda. Mening taklifimni qo‘llab-quvvatlab, ayajonim ham men bilan birga borgandilar. Balkim 15 yashar, Toshkentga kelganiga hali 1 yil ham bo‘lmagan bolani adashib qolishini istamagandirlar. Xullas, bunisini bilmadim.

Ayam bilan yozuvchilar uyushmasi oldida ancha kutganmiz. 2 soatga yaqin. Nihoyat uyushma eshigi oldida xizmat mashinasi to‘xtab, undan Abdulla Oripov va Sirojiddin Sayyid tushib keldi.

Biroz kutib, keyin qabullariga kirishga chog‘landim. Ayam “o‘zing kirib chiqaver” dedilar. Xo‘p dedim. Kotiba orqali kirish mumkinligi haqida ma’lumot olgach, xonalariga kirdim. Shinamgina xona edi. Sirojiddin aka ochiqko‘ngil inson ekan, samimiy kutib oldi. Balkim aytsam, ishonmassiz, lekin 15 yoshimda shunaqa kichkina bo‘lganmanki, tashqi ko‘rinishimdan birov meni jiddiy qabul qilmasdi. Lekin Sirojiddin aka o‘shanda “Bu yosh bola nima qilib yuribdi bu yerda” demagandi. Meni jiddiy tinglagandi.

Xohishimni tushuntirganimdan so‘ng, ertaga yana kelishimni so‘radi. Ertagacha albatta o‘sha she’rni topib, bir nusxasini berishga va’da berdi. Ertasi kuni keldim. Qabul qildilar. Chop etilgan marsiya nusxasini va unga qo‘shib o‘zlarining bir to‘plamlarini sovg‘a qildilar. Dastxatlari bilan.



Shuningdek, Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan bir she'rxonlik kechasiga ham taklif qilidlar. Tadbir Mirzo Ulug‘bek istirohat bog‘ida (hozirgi “G‘ofur G‘ulom”) o‘tkazilishi rejalashtirilgan ekan. Rozi bo‘ldim.

O‘sha kunni qanchalik intiq kutganimni bilsangiz edi. Tayyorlandim. Ming marta yoddan qaytardim. O‘sha kun keldi. Lekin…

Lekin men tadbirga kechikib bordim. Hozir nima uchun kechikkanimni eslolmayman. Bilmadim.

Borsam tadbir so‘ngiga yetib bo‘lgan ekan. Yana bir-ikki nomerdan keyin tugadi. Sirojiddin Sayyid akaning yonlariga bordim. O‘sha vaqti ular bilan nima haqida suhbat qilganim yodimda yo‘q. Bilmadim. Lekin bir narsani aniq eslaymanki, ular meni boshqa tadbirga taklif qildi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘tkaziladigan xotira kechasiga. Muqimiy teatrida edi, adashmasam. Taklifdan xursand bo‘ldim.

Bu safar kechikmadim. O‘z vaqtida bordim. Va… Va nihoyat sahnaga chiqib marsiyani aytib berdim. O‘shanda qancha vaqt qarsak chalib turishganini eslolmayman. Bilmadim.

Shundan so‘ng, oshig‘im olchi bo‘lib ketdi. Sirojiddin akaning sharofati bilan yana bir nechta tadbirlarda ishtirok etdim. Xususan, O‘zbekiston Milliy Universitetidagi tadbirda ham.

Taqdirni qarang. Oradan yillar o‘tib, Sirojiddin aka bilan yana ko‘rishdik. 2010 yil “Zakovat” Intellektual o‘yinida bo‘ldi bu uchrashuv. O‘sha mavsumda ko‘rsatuvning har bir soniga mashhur shaxslarni mehmon sifatida chaqirish an'anasi yo‘lga qo‘yilgandi. Qarangki, mehmonlar orasida Sirojiddin Sayyid ham bor ekan. Qarangki, aynan bizning jamoa o‘ynagan o‘yinda mehmon sifatida qatnashdi. Qarangki, o‘yin so‘ngida Sirojiddin aka aynan meni eng yaxshi bilimdon deb topib, o‘z she'rlari jamlangan 2 jildlik to‘plamini sovg‘a qildi. Haligacha Sirojiddin aka bilan ko‘rishib qolsak, suhbatimizning bir chekkasi albatta Muhammad Yusufga borib taqaladi.

Zerikib qolmadingizmi? Yana bir gap keldi shuni aytay, tugataman. Muhammad Yusuf bilan bog‘liq xotiralarim orasida shoirning turmush o‘rtog‘i Nazira as-Salom bilan qilgan suhbatim alohida o‘ringa ega. Bu suhbat Milliy Universitet qoshidagi akademik liseydagi xotira kechasida bo‘lgandi. Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan bu kechaga har doimgidek, birrovchi xonandalarga o‘xshab, o‘sha marsiyani aytib bergani taklif qilinganman. Keldim. Tadbirning oxirrog‘ida mening chiqishim. Chiqdim. Aytdim. Qarsaklar. Har joy, har joyda yig‘ilarga ko‘zim tushadi. Tadbir so‘ngida Nazira as-Salom bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldim. Aynan nimalar haqida suhbatlashganimiz yodimda yo‘q-ku, lekin menga rahmat aytganlarini yaxshi eslayman. Ulardan dastxat so‘raganman. Dastxatni aynan Sirojiddin Sayyid chop etib bergan marsiyaga qo‘yib berishlarini iltimos qilganman. Hozirgacha marsiyani tez-tez o‘qib turaman. Uning yuzidagi dastxatlarga ko‘zim tushadi. Allanechuk bo‘lib ketaman.

Unga quyidagicha dastxatlar qo‘yilgandi:

Nazira as-Salom:

"Xushnud. Sizga katta rahmat, o‘g‘lim. Nazira."

MARSIYa

Muhammad Yusuf…
Muhammad Yusuf…
Labimda qoldi
Taronam mening.
Havoda qoldi
Qo‘lim gul uzib.
Endi kerakmas
Bahonam mening.

Bunchalar qalin
Dunyoning po‘sti.
Bug‘doyday hoksor
Bir shoir o‘sdi.
Nogoh bir xabar
Tongimni to‘sdi.
Titradi olam,
Yig‘ladi onam:
— Bolamning do‘sti…
— Bolamning do‘sti…

Senmi, she’riyat,
Senmi jon qadar.
Dildagi so‘ngi
Tomchi qon qadar.
Tuproqday aziz
Ham osmon qadar.
Ko‘kni o‘sha kun
Qaldirg‘och bosdi
Xorazmdan to
Andijon qadar.

Hayot – goh bir baxt,
Bir omadgacha.
Yo mingta nomard
Yo bir mardgacha.
Toshkentdan toki
Marhamatgacha,
Keta ketguncha,
Qiyomatgacha –
Teraklar, tollar
Qoldi bo‘y cho‘zib,
Muhammad Yusuf…
Muhammad Yusuf…

Kuylari qoldi
Tog‘u toshida,
O‘ylari qoldi
Oy – quyoshida,
Buloq boshida,
Xirmon boshida,
O‘zbekning qora
Ko‘zu qoshida.
Bir shoir ketdi,
Bir shoir o‘tdi
Bobur yoshida,
Bobur yoshida.

Ey bulbullarga
Kuy-g‘azal, Vatan.
Sen – abad Vatan,
Sen – azal Vatan.
Kim sendan yuldi,
Kim – o‘sal, Vatan.
Gul, asal Vatan,
Sen yuksal, Vatan,
Sen yuksal, Vatan,
O‘yladi bolang,
Kuyladi bolang,
Ey, go‘zal Vatan!
Ey, go‘zal Vatan!

Biz uni – yoshu –
Tuproqqa qo‘ydik.
Tuproqni qoshu
Qaboqqa qo‘ydik.
Tushmi, deb avval
Ro‘yoga yo‘ydik.
O‘zi suygan shu
Tuproqqa qo‘ydik
So‘ngi sabr bu,
So‘ngi safar bu –
Ko‘proqqa qo‘ydik,
Ko‘proqqa qo‘ydik.

Chirqirab qo‘nmay
Makonlariga –
Otadin yodgor
Ayvonlariga
Singillari ham
Rayhonlariga.
Armonlariga,
Hijronlariga –
Qo‘shib jo‘natdi
Ruh, jonlariga.
Olib ketdilar
Qaldirg‘ochlari
Osmonlariga,
Osmonlariga.

Aylanar charxning
Charxpalaklari
Almashib rangu
Kamalaklari.
Qoldi ona uy
Sumalaklari,
Majnuntollarning
Jamalaklari.
Nozima qoldi,
Madina qoldi –
Kapalaklari,
Handalaklari.

Do‘stu yor yo‘li
Doim yirog‘dir.
Gohi diydoru
Gohi firog‘dir.
Dilbandlariga
Vatan qarog‘dir.
Chin farzandlar ham
O‘chmas chirog‘dir.
Hozir ham balki
Jim o‘ylayotir.
Yurtiga sha’nu
Shavkatlar yog‘dir,
Yo, qodir Olloh,
Tuproqlariga
Rahmatlar yog‘dir,
Rahmatlar yog‘dir.

Muhammad Yusuf…
Muhammad Yusuf…

2001, avgust. Sirojiddin Sayyid