Prezident Farmoniga asosan Bosh Prokuratura tuzilmasiga oʼzgarishlar kiritildi

2014 yil 24 iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Qonunchilik ijrosini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonga imzo chekdi.

Mazkur Farmonga koʼra, Аdliya vazirligi tarkibidagi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish Bosh boshqarmasi va uning hududiy boʼlimlari tugatilib, Respublika prokuraturasi organlari tuzilmasida Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat Bosh boshqarmasi va uning hududiy boʼlimlari tashkil qilindi, shuningdek prokuratura organlarining tuzilmasiga oʼzgartirishlar kiritildi.

Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining bitta oʼrinbosari lavozimi tugatildi va Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʼrinbosari — Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi boshligʼi lavozimi kiritildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi markaziy mahkamasining tuzilmasi prokuror-tergov xodimlarining cheklangan soni 199 ta shtat birligi doirasida ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Prokuratura organlari (harbiy prokuraturadan tashqari) xodimlarining cheklangan umumiy soni 4754 ta, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 3900 shtat birligidan iborat tarkibda belgilandi.

Oʼzbekistan Respublikasi Bosh prokuroriga zarurat boʼlgan taqdirda, Oʼzbekiston Respublikasining prokuratura organlari tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida oʼzgartishlar kiritish huquqi berildi.

Ўзбекистон Республикаси Бош Прокуратурасининг тузилмаси

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tarkibida Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar tarkibida — Bosh boshqarmaning hududiy boʼlimlari tuzildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tarkibidagi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy boʼlimlari tugatildi hamda boʼshayotgan 88 ta shtat birliklari prokuratura organlari tarkibida yangidan tashkil etilgan Bosh boshqarma va uning hududiy boʼlimlarini toʼldirish uchun oʼtkazildi.

Yangi tashkil etilgan Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi hamda ular tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilishi ustidan samarali nazoratni taʼminlash;
  • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, shu jumladan qishloq xoʼjaligi, tadbirkorlik subʼektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikka soʼzsiz rioya etilishini taʼminlash boʼyicha taʼsirchan choralarni amalga oshirish;
  • fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʼz vaqtida koʼrib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash boʼyicha taʼsirchan choralar koʼrish;
  • qonunbuzilishlar, shuningdek huquqiy normalarni qoʼllashda subʼektiv tarzda, tanlov asosida, oʼzboshimchalik bilan talqin qilish holatlariga yoʼl qoʼymaslik va ularni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy taʼsir choralarini amalga oshirish;
  • qonunbuzilishlarni sodir etishga imkoniyat beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, shu jumladan qonunchilik va huquqni koʼllash amaliyotini takomillashtirish boʼyicha takliflarni tayyorlash orqali taʼsirchan choralarni amalga oshirish.

Mazkur Farmon asosida quyidagilar oʼz kuchini yoʼqotgan deb topildi:

  • Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 11 martdagi «Qishloq xoʼjaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlashga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi PF-3406-sonli Farmoni 3-bandining ikkinchi xatboshi, 1 — 4 ilovalari;
  • Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 17 iyundagi «Davlat organlari faoliyatida qonuniylikni taʼminlash sohasida adliya organlarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-1555-sonli qarori.
  • Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʼrinbosari B. Kokanbaev zimmasiga yuklatildi.