Talabalar stipendiyasi bo‘yicha ayrim tushuntirishlar

Shu bo‘yicha ayrim tushuntirishlar berib o‘tmoqchi edim.

1️. Davlat grantida o‘qiydiganlar uchun:

- umumiy qoidaga ko‘ra, davlat grantida o‘qiydiganlarning barchasi bazaviy 428 ming so‘m stipendiya oladi;

- agar davlat grantida o‘qiydigan talaba semestr yakunida barcha fanlardan «a’lo» (5) baho (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) olsa, unda unga stipendiyaning bazaviy miqdori 20%ga oshirilgan holda, ya’ni hozirda 513 ming 600 so‘m miqdorida stipendiya tayinlanadi;

- agar davlat grantida o‘qiydigan talaba 30% va undan ortiq fanlardan «qoniqarli» (3) baho (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) olsa keyingi semestr davomida stipendiya to‘lanmaydi. To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar bundan mustasno, ya’ni ular 30% dan ko‘p fanlardan 3 baho olsa ham, kafolatlangan stipendiyani olishadi;

- agar davlat grantida o‘qiydigan talaba barcha fanlarni to‘liq 5 bahoga yopmagan yoki 30%dan ko‘prog‘ida 3 bahoga olmagan bo‘lsa, unda unga bazaviy stipendiya – 428 ming so‘m tayinlanadi.

2. To‘lov-kontrakt bo‘yicha:

- umumiy qoidaga ko‘ra, agar talaba stipendiyali kontrakt to‘lagan bo‘lsa, unda har oy bazaviy 428 ming so‘m stipendiya oladi, agar stipendiyasiz to‘lagan bo‘lsa, unda olmaydi;

- agar to‘lov-kontraktda o‘qiyotgan talaba semestrda barcha fanlarni “5” bahoga yopsa, unda quyidagicha stipendiya oladi:

- kontraktni stipendiyali to‘laganlar - 513 ming 600 so‘m;

- kontraktni stipendiyasiz to‘laganlar - 85 ming 600 so‘m.

Demak, hattoki stipendiyasiz kontraktda o‘qiyotgan talabalar ham barcha fanlardan “5” baho olsa, unda ularga OTMning maxsus jamg‘armasidan stipendiya tayinlanadi. Stipendiyali kontraktda o‘qiyotganlarniki esa 20%ga oshadi;

- to‘lov-kontraktni stipendiyali to‘lagan talabalar sessiyani 3 yoki 4 bahoga yopishidan qat’i nazar, ularga kafolatlangan har oylik 428 ming so‘m stipendiya beriladi.

Barcha javoblar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori asosida tayyorlangan.