Yangi hujjatlar

Lotin o‘zbek yozuvida ayrim so‘zlarning yozilishi bo‘yicha Til va adabiyot instituti tilshunoslarining tavsiyalari

Ушбу мақола “Тилга эътибор – элга эътибор” лойиҳаси доирасида чоп этилган. Лойиҳа ҳақида батафсил қуйидаги манзилда ўқинг.

 

imlo-2013

Mazkur tavsiyalar 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan filologiya fanlari doktori, professor N.M.Mahmudov tahriri ostida “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan 85 mingdan ortiq so‘zni o‘zida mujassam etgan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”ning kirish qismidan olingan.

imlo-tavsiyalar

Yuqorida keltirilgan qoidalar bilan tanishish shuni ko‘rsatadiki (muallif izohi: bu yerda imlo qoidalari nazarda tutilgan), ularda o‘zbek tiliga rus tilidan va rus tili orqali o‘zlashtirilgan bir turkum ruscha va baynalmilal so‘z-terminlarning yangi imloda qanday yozilishi alohida qoidalashtirilmagan. Bu – o‘zbek kirill yozuvidagi ikki tovushni ifodalovchi ё, ю, я, e (so‘z o‘rtasida unlidan hamda ayirish va yumshatish belgilaridan keyin), ц harflari ishtirok etgan so‘zlarni o‘zbek lotin yozuvida qanday yozish masalasidir. Bunday so‘zlarning yangi alifboda yozilishi keyinchalik, «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari» tasdiqlangandan so‘ng, tayyorlangan bir qancha qo‘llanmalarda bayon qilingan.

Prof. Sh.Rahmatullayev dastlab «Ўзбек лотин алифбоси» (Тошкент, 1995), keyin «Ўзбек тилининг янги алифбоси ва имлоси» (Тошкент, 1999) qo‘llanmalarida o‘zbek kirill alifbosidagi ё, ю, я harflari o‘rniga o‘zbek lotin alifbosida qaysi harflarni yozish ular bajaradigan vazifaga bog‘liq, deb ularni quyidagicha yozishni tavsiya etadi:

«1. ё, ю, я ҳарфлари икки товушни (й+унли) ифодалашга хизмат қилса, бу ҳарфлар ўрнига уо, yu, уа ҳарфлари ёзилади: заём – zayom, юмор – yumor, ядро – yadro, ёмғир – yomg‘ir, ютуқ – yutuq, яхши- yaxshi каби.

2. ё, ю, я ҳарфлари ўзидан олдин келган ундошнинг юмшоқ эканини кўрсатишга хизмат қилса:

1) асосан ё ҳарфи ўрнига о ҳарфи, ю ҳарфи ўрнига u ҳарфи, я ҳарфи ўрнига а ҳарфи ёзилади: стажёр — stajor, люстра – lustra, фляга – flagа каби;

2) сўзнинг талаффузи кескин ўзгариб кетмаслиги учун қисман ё ҳарфи ўрнига уо ҳарфлари, ю ҳарфи ўрнига yu ҳарфлари, я ҳарфи ўрнига уа ҳарфлари ёзилади: актёр – aktyor, бюро – byuro, снаряд – snaryad каби.

Кўринадики, ё, ю, я ҳарфлари ўзидан олдин келган ундошнинг юмшоқлигини кўрсатиш учун хизмат қилса, ўзбек лотин алифбосида икки хил акс эттирилади».(1)

Muallif «so‘zning talaffuzi keskin o‘zgarib ketmasligi uchun» deb o‘z tavsiyasining 1-bandidagi 1-qismiga qarshi boradi. Aslida, stajor bilan aktyor, lustra bilan byuro, flaga bilan snaryad so‘zlarida mazkur ё, ю, я harflari bir xil pozitsiyada bo‘lib, o‘zbekcha talaffuzda umuman farq qilmay, ikki tovush (yo, yu, ya) bilan aytiladi. Undoshlarning qattiq-yumshoqligi esa rus tili uchun xos bo‘lib, hozirgi o‘zbek adabiy tilida bu holat deyarli farqlanmaydi.

Bunday chalkashlik «Ўзбек тилининг қисқача имло луғати» (Тошкент, 1963)dan muallif ajratib olgan ё, ю, я harfli so‘zlarni o‘zbek lotin alifbosida qanday yozish kerakligi haqidagi tavsiyalarda ham uchraydi. Bu masalada bir xillikka erishish qiyinligidan bo‘lsa kerak, muallif «қачон бир ҳарф, қачон икки ҳарф ёзишни қоидалаштириб бўлмайди, шу сабабли бундай ҳарф қатнашадиган сўзларнинг тўғри ёзилиши имло луғатида кўрсатилади», deb masalaning murakkabligini tan oladi.

Mazkur qo‘llanmadagi rus tilidan va u orqali boshqa yevropa tillaridan o‘zbek tiliga o‘zlashgan bir qator so‘zlarda ayirish va yumshatish belgilari ё, ю, e harflaridan oldin kelganida, yangi imloda bunday so‘zlardagi ъ va ь belgilari tashlanib, ё, ю, e harflari o‘rniga yu, ya, ye harflari yoziladi yoki yumshatish belgisi о, и harflaridan oldin kelganida, belgi o‘rniga у harfi yoziladi degan fikrlarga qo‘shilish mumkin.

Y.Abdullayev, D.Xudayberganova hamda A.lsmoilov va L.Raupovalarning qo‘llanmalaridagi ushbu masalaga doir fikr-mulohazalar, tavsiyalar ham Sh.Rahmatullayevning tavsiyalari bilan hamohangdir.(2)

Faqat Y.Abdullayevning «Hamrohim» qo‘llanmasidagi tavsiyalarda mazkur harflar mavjud bo‘lgan ruscha va baynalmilal so‘zlarning yangi imloda goh bir, goh ikki harf (tovush) bilan berilishi rus tili imlosi va talaffuziga bog‘liq ekanligi xolisona aytib o‘tilgan. Bunda ham masala oxirigacha hal qilinmay, «бундай сўзлардан мазкур қоидалар доирасига кирмайдиганлари ҳам бор. Уларнинг қандай ёзилиши имло луғатларида кўрсатилади»(3) deyish bilan cheklanilgan. Lekin bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi, chunki Sh.Rahmatullayev va A.Hojiyevlarning «O‘zbek tilining imlo lug‘ati» (1995 va undan keyingi nashrlar) hamda T.Tog‘ayev, G.Tavaldiyeva va M.Akromovalarning «O‘zbek tilining kirill va lotin alifbolaridagi imlo lug‘ati» (1999, 2004)da ham, mazkur tavsiyalarga qaramay, yuqoridagi kabi so‘zlarni yozishda o‘z-o‘zini yoki bir-birini inkor qiladigan holatlar mavjud.

Qo‘lingizdagi lug‘atning tuzuvchilari yuqoridagi kabi chalkashlik, anglashilmovchiliklarni hamda mazkur tavsiyalarga imlo amaliyotida nechog‘lik rioya qilinayotganligini (to‘g‘rirog‘i, u qadar amal qilinmayotganligini) hisobga olib (buni o‘zbek lotin alifbosida chop etilgan bir qator nashrlarni ko‘zdan kechirib ishonch hosil qilish mumkin), institutning yetakchi tilshunoslari bilan maslahatlashgan holda, rus tili orqali kirib kelgan va tarkibida ё, ю, я harflari bo‘lgan ruscha va baynalmilal so‘zlarni yangi imloda barcha o‘rinlarda bir xil, ya’ni yo, yu, ya harflari bilan yozishni va shu orqali bu sohadagi harxillikni bartaraf etishni eng maqbul yo‘l deb hisoblaydilar va ushbu lug‘atda shunday yo‘l tutdilar ham.

O‘zbek kirill yozuvidagi ц harfini o‘zbek lotin yozuvida ifodalash masalasida ham ayrim munozarali o‘rinlar bor. Masalan, bu xususda prof. Sh.Rahmatullayev quyidagilarni yozadi:

«Ўзбек кирилл алифбосидаги ц ҳарфи ўрнига ўзбек лотин алифбосида:

а) сўз охирида, сўз бошида, олд қўшимчадан кейин, ундошдан кейин s ҳарфи ёзилади: кварц – kvars, шприц – shpris, целлофан – sellofan, цилиндр – silindr, антициклон – antisiklon, конструкция- konstruksiya каби;

б) бошқа ҳолларда унлидан кейин ts ёзилади: глицирин – glitsirin (тўғриси: glitserin), гербицит- gerbitsit (тўғриси: gerbitsid), конституция konstitutsiya каби». (4)

D.Xudayberganova hamda A.lsmoilov va L.Raupovalar ham o‘z qo‘llanmalarida ushbu fikrni ma’qullagan holda uni aynan takrorlaganlar.

Y.Abdullayev esa bu masalaga birmuncha boshqacharoq yondashadi: «Кирилл алифбосидаги ц ҳарфи янги ўзбек имлосида қуйидагича берилади:

– сўз бошида, охирида ва сўзнинг ўртасида ундош товушдан кейин келганда s ҳарфи билан: цех – sex, цирк – sirk, акция – aksiya;

– сўз ўртасида унли товушдан кейин келса ts ҳарфлари билан ифодаланади: лицей – litsey, офицер – ofitser, доцент – dotsent». (5)

Y.Abdullayev o‘z tavsiyalarida Sh.Rahmatullayev tavsiyalaridagi «old qo‘shimchadan keyin… s yoziladi» iborasini qo‘llamay to‘g‘ri yo‘l tutgan. Chunki hozirgi kunda «xalqaro terminelementlar» deb ataluvchi va ko‘pincha old qo‘shimcha (prefiks) maqomida keluvchi анти-, би-, био-, гео-, де-, моно-, поли- kabi birliklar, asosan, unli tovush bilan tugaydi, ulardan keyin keladigan va ц harfi bilan boshlanadigan birliklar, ular xoh mustaqil so‘z bo‘lsin, xoh affiks, o‘zbek lotin alifbosida ts harflari bilan yozilishi kerak bo‘ladi. Sababi, yuqoridagi kabi yasama so‘zlarning ikkinchi komponenti boshida keladigan s harfi (tovushi) endi ikki unli o‘rtasida kelmoqda va bu holat 2-tavsiyaga, ya’ni «boshqa hollarda unlidan keyin» (Sh.Rahmatullayev), «so‘z o‘rtasida unli tovushdan keyin kelsa» (Y.Abdullayev) ts yoziladi degan tavsiyaga muvofiq keladi. Buni Sh.Rahmatullayev tavsiyalarining 1-bandida keltirilgan antitsiklon (anti+siklon) va 2-bandida keltirilgan gerbitsid (lotincha herba «o‘t-o‘lan»+caedo «o‘ldiraman» so‘zlaridan) kabi ikki komponentli so‘zlar ham tasdiqlab turibdi.

Har ikkala muallif ham o‘zbek kirill yozuvida so‘z boshidagi ц harfi o‘zbek lotin yozuvida s harfi bilan beriladi deb 3-4 ta umumma’lum so‘zlar asosida hukm chiqarib qo‘ya qolganlar. Holbuki, fan va texnikaning turli sohalarida ц harfi bilan boshlanuvchi so‘zlar anchagina. Masalan, keyingi 20 yil ichida rus tilida nashr etilgan xorijiy so‘zlar lug‘atlarida 160 tadan 300 tagacha shunday so‘zlar mavjud. 1976-yili chop etilgan «Ўзбек тилининг имло луғати»da ц harfi bilan boshlanadigan 100 ga yaqin so‘z berilgan bo‘lsa, yaqinda kirill yozuvida nashr qilingan va 85000 dan ortiq so‘zni qamrab olgan «Ўзбек тилининг имло луғати»da ularning soni 170 tadan ortadi. Demak, o‘zbek lotin yozuvida chop etilajak imlo lug‘atida ham s harfi bilan boshlanuvchi shuncha so‘z berilishi kerak va shunday qilindi ham.

Lekin biz buncha so‘z va so‘zshakllarning 30% ga yaqini talaffuzi va ma’no anglatishi jihatidan turli fan sohalari mutaxassislarini birday qoniqtiradi deb o‘ylamaymiz. E’tibor bering: цанга – sanga, цапфа – sapfa, цедра – sedra, целом – selom, цент – sent, ценз – senz, церий – seriy, цеце – setse, цезура – sezura, цинга – singa, цинния – sinniya, циркуль – sirkul, цирроз – sirroz, циста – sista, цоколь – sokol va boshqalar. Bunday so‘zlarga imlo lug‘atida ularning qaysi sohaga mansubligini ko‘rsatuvchi tegishli belgilar (bot., zoo., tib., tex. kabi) qo‘yilmasa, ulaming qanday so‘z ekanligini tushunish qiyin.

Biz kirill yozuvida so‘z boshida kelgan ц harfining o‘zbek lotin yozuvida s harfi bilan berilishi haqidagi tavsiyalar asosida ish ko‘rish bilan bir qatorda fan sohalari mutaxassislarining bu masala xususidagi fikr-mulohazalarini kutib qolamiz.

Biz, o‘zbek lotin yozuvidagi «O‘zbek tilining imlo lug‘ati»ni tuzuvchilar, yuqorida hukumat tomonidan rasman tasdiqlangan o‘zbek lotin alifbosi va o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini asosan ma’qullagan holda, ular tasdiqlangandan so‘ng yaratilgan barcha qo‘llanmalarda mazkur qoidalami sharhlash jarayonida ishlab chiqilgan subyektiv xarakterdagi tavsiyalar haqida to‘xtaldik, bu tavsiyalarga nisbatan o‘z fikr-mulohazalarimizni bildirish bilan birga tegishli tavsiyalar ham ishlab chiqib, ularni amalda qo‘llashga harakat qildik.

—————————

(1) Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг янги алифбоси ва имлоси. – Тошкент: Университет, 1999. – Б.15-16.

(2) Қаранг: Абдуллаев Й. Ҳамроҳим. Янги алифбо ва имлодан қўлланма. – Тошкент: Ўқитувчи, 1996; Худайберганова Д. Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбоси: Ўқув қўлланма. – Тошкент, 2003; Исмоилов А., Раупова Л. Янги ўзбек имлоси: Ўқув қўлланма. – Тошкент, 2003.

(3) Абдуллаев Й. Кўрсатилган манба. – Б.47.

(4) Раҳматуллаев Ш. Кўрсатилган манба. – Б.16 -17.

(5) Абдуллаев Й. Кўрсатилган манба. – Б.48.

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (25)
  • Йўқ (2)
  • Бироз (4)

5 фикр

  1. Ц oʻrniga c harfini ishlatish kerak

  2. Конструкция билан Конституция нима учун икки хил ёзилишини тушунмадим

    • Нимаси тушунарсиз? Биттасида ц ҳарфи унлидан кейин, иккинчисида ундошдан кейин келган.

  3. Shu lotin yozuvi asosidagi imlo lug’atining elektron varianti bormi? Qayerdan topsa bo’ladi?

  4. Man Madi19980107 ga javob bermoqchi edim. Imlo lug’atini ziyo.uzdan topishingiz mumkin

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига