Harbiy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qanday imtiyozlar beriladi?

Avval xabar berib o’tganimdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 sentyabrdagi 277-son qarori bilan «Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlangandi.

Ushbu Nizomdagi qoidalarning alohida e’tiborga molik jihatlari quyidagilar:

–       Abiturientlar test sinovlaridan oldin oliy harbiy ta’lim muassasasida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan yakuniy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

–       Maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi yakuniy xulosa hisoblanadi va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqsiz deb topilganlar tanlovning navbatdagi bosqichiga qo‘yilmaydi.

–       Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlari 10–iyul kuni o‘tkaziladi.

–       Tinglovchi va kursantlarni o’qishga qabul qilish to’g’risidagi buyruq 15-iyul kuni chiqariladi.

–       Tegishli vazirlik yoki idora tomonidan belgilangan tanlovdan (yakuniy tibbiy tekshiruv, ruhiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov va hokazolar) o‘tgan quyidagi abituriyentlar Davlat komissiyasining qarori bilan o‘qishga TEST SINOVLARISIZ qabul qilinadi:

1.    Xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari – tegishli oliy harbiy ta’lim muassasalariga mutaxassislik yo‘nalishining asosiy faniga muvofiqligi bo‘yicha;

2.   O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlar statusi haqida» 2004 yil 12 apreldagi 170-son qaroriga muvofiq «Ilg‘or serjant» nominatsiyasi bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari;

3.   Yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari – tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyanomasiga asosan.

–       Quyidagi abituriyentlarga qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozlar beriladi:

1.    O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida;

2.   Serjant lavozimida kamida 5 (besh) yil davomida xizmat qilgan hamda harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan serjantlarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida;

3.   Respublika harbiy akademik litseylari bitiruvchilariga test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 10 foizi miqdorida.

O’qishga qabul qilish tuzilmasi 5 bosqichda amalga oshiriladi:

I bosqich:

Qabul komissiyalarini tashkil etish

II bosqich:

Hujjatlarni qabul qilish:

1.   Mudofaa vazirligi        –          Shartnoma asosidagi va muddatli harbiy xizmatchilar qabul yilining 1–iyunigacha, fuqarolar 1–mayigacha;

2.  Ichki ishlar vazirligi   –          Qabul yilining 15–yanvaridan 1–iyunigacha;

3.  Davlat bojxona qo’mitasi     –          Qabul yilining 1–mayigacha;

4.  Milliy xavfsizlik xizmati       –          Qabul yilidan avvalgi yilning 1–dekabrigacha.

III bosqich:

Davlat test markaziga imtiyozga ega bo’lganlar to’g’risidagi ma’lumotni taqdim etish:

30-iyun

IV bosqich:

Test sinovlarini o’tkazish

10-iyul;

Ingliz, nemis, fransuz tillaridan boshqa chet tillari uchun yagona ko’p balli baholash imtihoni

4-iyulgacha.

V bosqich:

Tinglovchi va kursantlarni o’qishga qabul qilish to’g’risidagi buyruq:

15-iyul