Keyingi yilda test sinovlarida tushadigan savollar qaysi darsliklardan olinishi e’lon qilindi

Kuni-kecha imtihonlar haqida ma’lumot bera turib, keyingi yil test sinovlarida foydalaniladigan darsliklar ro‘yxati va qaysi yo‘nalishga qaysi fandan test olinishi haligacha ma’lum emasligi haqida yozgandim.

Bugun Davlat test markazi 2020-2021-o‘quv yilida umumta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar maktablarida qo‘llanilayotgan darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar ro‘yxatini e’lon qildi.

Ushbu adabiyotlar ro‘yxati DTMning Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga qilgan murojaatiga javoban mazkur vazirliklardan kelgan xatlar asosida shakllantirilgan.

Darsliklar ro‘yxatini https://dtm.uz/info/textbooks manzili orqali tegishli fan va tilni tanlagan holda olishingiz mumkin.

!!!Endi yana bir asosiy masala, qaysi yo‘nalishga qaysi fandan imtihon bo‘lishini e’lon qilish qoldi. Albatta aytishingiz mumkin, o‘tgan yilgilardan foydalansa bo‘ladi, borku, deb. To‘g‘ri, bor. Lekin har yili qaysidir yo‘nalishda fanlar majmuasi o‘zgarib qoladi. Bu odatga aylangan. Ushbu o‘zgarish esa testga nari borsa 1-2 oy qolganda ma’lum bo‘ladi. Natijada boshqa fanga ko‘proq urg‘uni qaratgan abituriyentlar boshini changallagancha, arostda qolishadi.

O‘zi har doim ta’kidlaydigan fikrimni yana bir marta qaytarmoqchiman: bizda kirish imtihonlari o‘ta keng miqyosda markazlashgan holda olinar ekan, demak, o‘yin qoidalarini oldindan aniq belgilash kerak. Ayniqsa kirish imtihonlari bilan bog‘liq tashkiliy jarayonlarning aniq muddatini Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlash kerak. Masalan, falon muddatgacha adabiyotlar ro‘yxati e’lon qilinadi, falon muddatgacha kvotalar belgilanadi, falon muddatgacha yo‘nalishlar kesimida fanlar majmuasi tasdiqlanadi va h.k. Yo‘qsa har yili bu kabi o‘ta muhim masalalar pala-partish, taqalib, kechikib e’lon qilinadi.

Qachondir bunga chek qo‘yilishi kerakku axir.