«Oltin qalam» Milliy mukofotining maxsus nominasiyasi sohibi bo‘ldim

Gapimni boshlashdan avval, Sizlarga bir narsani eslatib qo‘ymoqchiman. Men jurnalist emasman, kasbim – huquqshunos. Jurnalistika sohasida tahsil ham olmaganman, bu degani professional jurnalistika qonun-qoidalaridan xabarim yo‘q. Mening yozganlarim oddiygina havaskorlikka da'vo qila oladi xolos. Bo‘ldi, kirish qismi tugadi.

 

“Oltin qalam” Milliy mukofoti bundan 9 yil avval shaxsan Prezidentimiz Islom Karimov tashabbuslari bilan ta'sis etilgan edi. Mazkur tanlov har yili 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab o‘tkazib kelinmoqda.

 

O‘zA bergan xabarga ko‘ra, 2006 yildan buyon o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda 4 ming nafarga yaqin jurnalist 50 mingdan ortiq ijtimoiy ahamiyatga molik materiali bilan ishtirok etdi. 194 nafar jurnalist “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibi bo‘ldi. 48 nafar ijodkor nufuzli xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari ta'sis etgan mukofotlar bilan taqdirlandi.

 

Navbat bo‘yicha to‘qqizinchi bor o‘tkazilgan “Oltin qalam” Milliy mukofotining taqdirlash marosimi kecha, 2 may kuni, poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tdi.

 

Mazkur taqdirlash marosimida kaminangizga ham bir kichik mukofot nasib qildi.

 

Gap shundaki, “Oltin qalam” Milliy mukofoti haqida e'lon berilgach, unda “Internet jurnalistikasi” yo‘nalishida ishtirok etish istagi paydo bo‘lgan edi. Mazkur istak yanvar' oyida “Jamiyat va men” tanlovida “Internetdagi eng yaxshi maqola” nominasiyasi g‘olibi bo‘lganimdan so‘ng paydo bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab.

 

Xullas, barcha kerakli hujjatlarni to‘plab, tanlov uchun bir yil davomida shaxsiy blogimda e'lon qilgan 15 ta maqolani taqdim etdim.

 

Topshirishga topshirdim-u, ammo yashirmasdan rostini aytaman, g‘olib bo‘lishga zarracha ham ishonganim yo‘q. Kutishga kutgandirman, lekin ishonchim kam edi. Sababi joriy yilda tanlovga mamlakatimizning barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan 490 dan oshiq jurnalistdan 7500 ga yaqin ijodiy ish kelib tushgandi. Professional jurnalistlar orasida menga “non yo‘qligi”ni his qilgandim.

 

30 aprel' kuni Jurnalistlar ijodiy uyushmasidan telefon qilishdi va imkoni bo‘lsa, uyushmaga kelib ketishimni so‘rashdi. Aytilgan joyga kelgach, uyushma rahbari Sherzod G‘ulomov qabul qildilar va menga mazkur tanlovning xalqaro tashkilotlar tomonidan e'lon qilingan nominasiya g‘olibi bo‘lganimni ma'lum qilib, tabrikladilar. Qo‘limga esa, taqdirlash marosimi uchun taklifnoma tutqazdilar.

Endi biroz “Oltin qalam” haqida ma’lumot bersam. Mazkur Milliy mukofot ushbu yilda 4 ta asosiy nominatsiya va bitta Bosh sovrin, shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlarning maxsus nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlab berdi. Hamkor xalqaro tashkilotlar orasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi axborot markazi, YuNESKO, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, BMTning OIV/OITS bo‘yicha Birlashgan dasturi – YuNEYDS, Xalqaro munosabatlar milliy demokratik instituti (AQSh), “Regional dialog” (Sloveniya) kabi tashkilotlar ham bor edi.

Ular orasida ilk marotaba AQShning Xalqaro munosabatlar milliy demokratiya instituti (NDI) maxsus qo‘shimcha nominatsiya e’lon qilgan ekan: “Jurnalistikada ijtimoiy masalalarni yoritishda innovatsion yechim va yondashuvlar”.

Mening ijodiy ishlarimni aynan mana shu nominatsiya g‘olibligiga loyiq ko‘rishibdi.


 

Taqdirlash marosimi taassurotlari haqida o‘rtoqlashadigan bo‘lsam, uzooooq yozishim kerak. Yaxshisi unday qilmaganim ma’qul. Sizning ortiqcha vaqtingizni olgim yo‘q.

Faqat bir gapni aytishim mumkinki, butun tadbir davomida qandaydir o‘zimni noqulay his qildim. Har tarafimda jurnalistlar, umuman olganda “Turkiston” to‘la jurnalist. Adashib qolganday bo‘ldim. Nega deysizmi? Buyog‘i yana o‘sha kirish qismidagi gaplar…

Shu fursatdan foydalanib, kichik mehnatimizni yuksak baholab, Milliy mukofotning bir bo‘lagini ishonib topshirgan barcha mutasaddi shaxslarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘ylaymanki, mazkur yutuq menga nafaqat o‘zgacha faxr tuyg‘usini, balki o‘ziga xos mas’uliyatni ham yuklaydiki, buning natijasi o‘laroq, kelgusida yanada shijoat bilan, ishtiyoq bilan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda, yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda o‘zimning sa’y-harakatlarimni ayamayman.

Meni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha do‘st-u birodarlarga ham minnatdorlik izhor etaman! Men yozgan maqolalar, ma’lumotlar, jamiyatga, Sizga juda kichik bo‘lsa-da, foydasi tekkan (tegayotgan) ekan, bundan boshim osmonga yetishini bilib qo‘yishingizni, istardim.

Tanlovning barcha g‘oliblari ro‘yxati bilan quyidagi manzilda tanishishingiz mumkin.
 

Bu yurtimizda blogsferaga bo‘lgan e’tiborning ortayotganidan dalolatidir. Mana, sekin-asta bloggerlar ham Milliy mukofotlar bilan taqdirlanadigan vaqtlarga yetib keldik. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha bloggerlarni faollikka chaqirib qolar edim. Harakatdan, izlanishdan, qalam tebratishdan to‘xtamang. Albatta natijasi bo‘ladi.