Startaplar to‘g‘risida qonun qabul qilinishi mumkin
Startaplar to‘g‘risida qonun qabul qilinishi mumkin
Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
https://regulation.gov.uz/uz/document/17135
Loyihaga ko‘ra, startap, bu — innovasion tarkibiy qismlarga ega bo‘lgan va yuqori tavakkalchilikka asoslangan, o‘ziga xos investisiyalarni talab qiladigan kengaytiriladigan biznes modelini izlash va amalga oshirish uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik tuzilmadir.
Qonunda startaplarga beriladigan ko‘mak dasturlari haqida ham gap boradi. Unga ko‘ra, ko‘mak dasturida qatnashish uchun startaplar quyidagi talablarga javob berishlari kerak:
- O‘zbekistonda kamida 1 yil oldin va 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar bo‘lishi;
- moliyaviy hisobot natijalariga ko‘ra yillik pul aylanmasi bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan kam bo‘lishi;
- asosan yoki faqat texnologik tarkibiy qismga ega xizmatlarni va/yoki mahsulotlarni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish bilan shug‘ullanishi;
- ishlab chiqilayotgan mahsulot / xizmat tijoratlashtirishda potensial yuqori qo‘shimcha qiymatga, daromadlilikka (tannarx va narx orasidagi) ega bo‘lishi;
- yillik moliyaviy hisobotga ko‘ra tadqiqot va ishlanmalar uchun sarflangan xarajatlar umumiy xarajatlarning 15 foizidan kam bo‘lmasligi.
Ularga qanday yordam beriladi?
Startap ko‘mak dasturida yordam muddati davomida ishtirok etganida:
- startap xodimlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadilar;
- startapning ustav kapitalidagi ulushi tashqi investorga sotilganida (cash-out), jismoniy shaxslar sifatidagi startap ishtirokchilarining daromadlariga soliq solinmaydi;
- kompaniya yer solig‘i, foyda solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasiga va Byudjetdan tashqari umumta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan ozod etiladi;
- kompaniya o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, loyihani amalga oshirish doirasida o‘z ehtiyoji uchun chetdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskuna, xomashyo, materiallar, reaktivlar, butlovchi buyumlar hamda qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;
- intellektual mulk kafolati evaziga kredit olish imkoniyati;
- “defolt” holatida startaplar yuridik shaxs faoliyatini yengillashtirilgan shaklda to‘xtatish huquqiga egadirlar.
Startaplarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday bo‘ladi?
- startaplar zaruriy hujjatlarni maxsus veb-saytda taqdim etish orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar;
- startaplarni saytda ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi;
- ro‘yxatdan o‘tish uchun startap faoliyati to‘g‘risidagi taqdimot, biznes-reja, mahsulot yoki xizmatning o‘ziga xos xususiyatlari, innovasion tarkibiy qismlar yoki intellektual mulk huquqiga egalik shaklidagi ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Qonun loyihasining muhokamasi 12-mayga qadar davom etadi.